TOSHKENT VILOYATI PARKENT TUMANI 1-SONLI
BOLALAR MUSIQA VA SAN’AT MAKTABI

Parkent tumani Krasnogorsk qo‘rg‘oni, Teatr ko‘chasi, 1-uy

Tel.: +998 70-75-6-51-40, 70-75-6-51-31

Bosh sahifaga qaytish

Ota-onalar, sizlar uchun!

Bolaning musiqa va san’at maktabiga o‘qishga kirishi - oila hayotidagi muhim voqea bo‘lib, bu oila a’zolaridan ushbu voqeaga jiddiy yondashishini talab qiladi. Farzandingizning o'zlashtirishi bilan qiziqib maktabga kelib tashrif buyurib tursangiz, pedagoglardan olgan maslahatlarga amal qilib farzandingizga uy vazifalarini bajarishda yordam bersangiz - bu Sizning farzandingizni kelajakdagi yutuqlariga qo'shgan g'oyat katta ulushingizdir. Maktabimizda ota-onalar qo'mitasi faoliyat olib boradi. Maktab pedagoglari tomonidan ota-onalar uchun davra stollari, seminarlar tashkil etilib turiladi. Sizlardan ushbu tadbirlarda ishtirok etishingizni, maktabda tashkil etiladigan konsertlarda tashrif buyurishingizni iltimos qilib qolamiz.


Maktabimiz Ustavida ota-onalarning huquq va majburiyatlari belgilab qo'yilgan.

Ota-onalar quyidagi huquqlarga ega:

- bolalar musiqa va san’at maktabi rahbariyatidan farzandi uchun mazkur maktabning ustaviga muvofiq zarur shart-sharoitlar yaratilishini talab qilish;

- bola shaxsiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni talab qilish;

- jamoatchilik asosida bolalar musiqa va san’at maktabining ish faoliyatida ishtirok etish;

- qonun hujjatlarida belgilangan boshqa huquqlar.

Ota-onalarning majburiyatlari quyidagilardan iborat:

- farzandining jismoniy va ruhiy sog‘lom bo‘lishi uchun g‘amxo‘rlik qilish;

- bolaning qadr-qimmatiga hurmat bilan qarash, uni mehnatsevarlik, ezgulik, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash;

- farzandida qonunlarga itoatkorlik, inson huquqlari va erkinliklariga hurmat tuyg‘usini tarbiyalash;

- farzandiga o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;

- farzandining ta’lim olishiga ko‘maklashish va uzrli sabablarsiz o‘quv mashg‘ulotlariga muntazam qatnashishini ta’minlash;o‘qish uchun to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirish;

- qonun hujjatlarida belgilangan boshqa majburiyatlar.

Bolalar musiqa va san’at maktabiga o‘qishga kirish uchun taqdim etiladigan hujjatlar:

a) ta’lim yo‘nalishi (yo‘nalishlari) ko‘rsatilgan ariza;

b) o‘quvchining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi;

d) o‘quvchiga belgilangan shaklda berilgan tibbiy ma’lumotnoma;

e) 3 x 4 o‘lchamli 2 ta fotosurat.

Boshqa maktablardan o‘tgan o‘quvchilar quyidagi hujjatlarni
taqdim etishadi:

а) o‘qigan joyidan ma'lumotnoma;

b) o‘quvchining baholar (o‘zlashtirish) tabeli;

d) yakka tartibdagi ish rejasi (musiqa yo‘nalishlari uchun).

Ota-onalar tomonidan to‘ldiriladigan arizalar namunalari

Bolani nima uchun musiqa va san’at
maktabiga
berish kerak

Farzandimiz eng qobiliyatli, eng aqlli bo‘lib o‘sishini va saviyasi yuqori bo‘lishini xohlaymiz. Shuning uchun ota-onalar farzandlarini turli qo‘shimcha mashg‘ulotlarga, shu jumladan musiqa va san’at maktabiga o‘qishga yuborishadi. Lekin tanlov to‘g‘ri qilinganligini qanday tushunish mumkin? Bolaga boshlang‘ich musiqiy ta’lim albatta zarur. Quyida uning nima uchun zarurligi sabablariga to‘xtab o‘tamiz.

Farzandingiz go‘zallikni tushunishni boshlaydi, chunki tovushlar - bu bola tug‘ilganiga qadar u bilan to‘qnashadigan narsadir. Mashg‘ulotlar sababli farzandingiz go‘zallikni eshitishni va xis qilishni o‘rgana boshlaydi.

Musiqa mashg‘ulotlari xotira rivojlanishiga yordam beradi, chunki darslar va uy vazifasini bajarish paytida bola nimanidir diqqat bilan eshitishiga, yodlashiga, to‘g‘ri keladi, eshitib olib notaga qaramay chailishiga, nota grammatikasini o‘rganishiga to‘g‘ri keladi.

Bolaning barcha mavjud qobiliyatlari bir tekisda rivojlanadi. Shak shubhasiz, ba’zi bolalarning qobiliyati ko‘proq,boshqalarniki kamroq, lekin nima bo‘lganda ham qobiliyat bor. Qobiliyat ustidan aniq maqsadga yo‘naltirilgan ish albatta o‘z natijasini beradi.

Musiqa maktabi bolani ishlashga, o‘z vaqtini taqsimlashga, o‘z mehnatidan huzur olishga, o‘z oldiga maqsad qo‘yishga o‘rgatadi. Mehnatsevarlik va ishga moslashish hayotda keyinchalik juda ham kerak bo‘ladi.

Musiqa mashg‘uloti bolaning eshitish qobiliyati rivojlanishiga yordam beradi. Eshitish qobiliyati yaxshi bolalar chet tillarini o‘rganishda ham qiynalishmaydi.

Musiqa bilan shug‘ullanish intellektning umuman rivojlanishiga katta yordam beradi.

Musiqa bilan shug‘ullanish bolaning intizomlik bo‘lishiga yordam beradi, chunki faqat soatlab shug‘ullanish bilangina muvaffaqiyatga erishish mumkin.

Bolaning matematika qobiliyati rivojlanadi.

Bola ko‘pchilikning oldida o‘zini tutishni o‘rganadi.

Ota-onalarga maslahatlar

Bolalar musiqa va san’at maktabi - bu o‘quv muassasasi bo‘lib uning vazifasi nafaqat bolalarni musiqa dunyosi bilan tanishtirish, balki musiqachini tarbiyalashdir. Ota-onalar shuni esdan chiqarmasliklari kerakki, maktabdagi mashg‘ulot - bu to‘garak emas. Uning o‘ziga xos xususiyati - repertuarning klassik yo‘naltirilganligidir. Bolalar o‘qish jarayonida bir nechta musiqa-nazariy fanlarni o‘rganishadi. Ba’zi ota-onalar musiqa va san’at maktablarida yuklama kam emasligini ko‘zlarini oldiga keltirishmaydi. O‘quvchilar haftada 2 marta mutaxassisligi bo‘yicha yakka tartibdagi mashg‘ulotga, musiqa nazariyasi darsiga, xorga, musiqa adabiyoti darsiga borishlari kerak bo‘ladi. Shuning uchun bolalarni musiqa bilan shug‘ullanishga berishdan oldin shularning barchasini hisobga olish kerak.

Qanday musiqa cholg‘usida chalishni o‘rganishni bolaning o‘ziga qo‘yib bering. Iloji bo‘lsa bolangiz bilan uning yoshligidanioq turli konsertlarga boring. Cholg‘u asboblari, buyuk ijrochilar to‘g‘risida o‘zingiz bilgancha ma’lumot bering. Televizor orqali berilayotgan konsertlarni birgalikda tomosha qiling.

Musiqa yo‘nalishida ta’lim olayotgan bolalarning uyida o‘zi o‘rganayotgan cholg‘u bo‘lishi shart. Agar farzandingiz skripka o‘rganayotgan bo‘lsa Siz ushbu cholg‘uni xarid qilib olishga shoshmang. Chunki yillar o‘tgan sari boladagi fiziologik o‘zgarishlar sababli ma’lum vaqtdan so‘ng boshqa cholg‘u asbobi olishga to‘g‘ri keladi. Avvalom bor maktab ma’muriyatidan qiziqib ko‘ring, ularning Farzindingizni cholg‘u asbobi bilan ta’minlash imkoniyati bormi. Agar xarid qiladigan bo‘lsangiz albatta pedagog bilan maslaxatlashing. Cholg‘u asbobining yangisini olishga shoshmang. Avval foydalanilgan cholg‘u asboblarining jarangliliga yangiga nisbatan kuchli. Cholg‘u asbobini uyda saqlash qoidalariga amal qiling. Farzandingiz shug‘ullanayotgan xona harorati me’yorda bo‘lish kerak. Agar fortepianoda nosozlikni sezsangiz darhol ustaga murojaat qiling. Bu masalada ham maktab ma’muriyati Sizga yordam berishi mumkin.

Farzandingiz uyda musiqa bilan shug‘ullanayotganida uning oldiga biron-bir shart qo‘ymang. Masalan, mana bu asarni yodlasangina ko‘chaga chiqasan, yoki palon narsa olib beraman. Bu odat tusiga kirib qolishi mumkin va bolani chalg‘itadi. Yaxshisi, farzandingizga kun tartibini taqsimlashda yordam bering. Bunda mashg‘ulotlar o‘zaro bir-birini almashtirib turishi lozim. Masalan 1 soat umumta’lim maktablari darslari, 1 soat musiqa bilan shug‘ullanish, 30 daqiqa ko‘chada o‘ynash va h.k.

Boshqa o‘quvchilarning ota-onalari bilan suhbatlashib turing, bolaning mutaxassislik bo‘yicha o‘qituvchisi bilan aloqani uzmang. Maktab ma’muriyati ota-onalar uchun tashkil qilgan majlislarda, konsertlarda albatta ishtirok eting.

Farzandingizga uning o‘zlashtirishi bo‘yicha boshqalarning oldida tanbeh bermang, uyda ham qattiq urishmang. Bu uning musiqaga bo‘lgan ishtiyoqini susaytirishi mumkin. Agar unda muammo paydo bo‘lsa, yoki uning musiqa bilan shug‘ullanish ishtiyoqi pasayganligini sezsangiz, ushbu xolatdan qanday chiqishni birgalikda maslahatlashing, bu borada uning o‘qituvchilariga murojaat qiling. Iloji bo‘lsa uning do‘stlari bilan gaplashing.

O‘quvchining musiqa bo‘yicha uy mashg‘ulotlarini qanday tashkillashtirish kerak

Bolaning musiqa va san’at maktabiga o‘qishga kirishi - oila hayotidagi muhim voqea bo‘lib, bu oila a’zolaridan ushbu voqeaga jiddiy yondashishini talab qiladi. Yosh musiqachini o‘qitish va kelgusida uning sezilarli muvaffaqiyatlarga erishishi uchun unga boshlang‘ich bosqichlardayoq uy mashg‘ulotlari bajarishni to‘g‘ri tashkil etishda yordam berish juda muhimdir.

Mustaqil ishlashni tashkil etishni eng boshidanoq, birinchi darslardan boshlash kerak. Bunda bolani musiqa mashg‘ulotlari bilan qiziqtirishning o‘zi kam bo‘lib, unda mehnat qilish ko‘nikmalarini tarbiyalash zarur.

Uy mashg‘ulotalarini tashkil etishda ota-onaning tutgan o‘rni beqiyos katta. Shuning uchun hurmatli ota-onalarga quyidagi maslahatlarni berib o‘tishni joiz deb topdik.

1. Farzandingizni mashg‘ulotlar bilan ko‘mib tashlamang

Esingizdan chiqmasin, farzandingiz musiqa bilan shug‘ullanishdan tashqari umumta’lim maktabiga ham boradi, ehtimol qiziqishlari bilan boshqa turdagi to‘garaklarga ham (sport, amaliy san’at, xoreografiya) qatnar. Bolaga yuklanadigan yuklama oqilona bo‘lishi kerak. Mashg‘ulotlar bolani juda ham toliqtirib qo‘ymasligi, uning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi kerak.

2.Kun tartibi

Agar Siz farzandingiz sog‘ligini saqlashni xohlasangiz, bola uchun kun tartibini qunt bilan ishlab chiqish lozim. Kun tartibida vaqt ham mashg‘ulotlarga, ham dam olishga, ham badiiy kitoblar o‘qishga, ham harakatli o‘yinlarga topilishi kerak. Agar musiqa bo‘yicha mashg‘ulotlarni bir necha qismlarga bo‘lsa va ularni dars tayyorlash va/yoki dam olish bilan almashtirib tursa yanada yaxshi bo‘ladi. Bu mashg‘ulotlar unumdorligini oshiradi.

3.Mashg‘ulotlar uchun binodagi sharoit

Bola uyga vazifani bajarayotganida hech narsa uni chalg‘itmaslik kerak. U shug‘ullanayotgan xonada televizor yoki radio ishlamasligi, shovqinli suhbatlar va boshqa chalg‘itadigan omillar bo‘lmasligi kerak. Bino ichidagi muhit tinch, sokin, yorug‘lik yetarli darajada bo‘lishi kerak.

4. Cholg‘u oldida o‘tirish

Bolangiz qanday o‘tirganiga qarang: qaddini to‘g‘ri tutyaptimi, engashib qolmaganmi? Cholg‘uni to‘g‘ri ushlaganmi (agar bu skripka, gitara, rubob, dutor va shu kabilar bo‘lsa), qo‘llari "osilib qolmaganmi" (agar bu fortepiano, sintezator bo‘lsa).

Kerakli balandlikdagi stulni tanlang, agar zarur bo‘lganda oyoq ostiga qo‘yiladigan tagliklardan foydalaning.Bu borada pedagogdan albatta maslahat oling. Uy sharoitida cholg‘u oldida o‘tirish maktabdagi darsda o‘tirishdan farq qilmasiligi lozim.

5. Yaxshi cholg‘u asbobi

Yaxshi cholg‘u asbobi sotib oling, sotib olishdan oldin pedagog bilan albatta maslahatlashing. Bunda eng asosiy qoida: cholg‘uda ijro etish bolaga quvonch va lazzat bag‘ishlashi kerak. Bolani cholg‘u asbobiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishga o‘rgating.

6. Mashg‘ulotlarning tartibliligi

Mashg‘ulotlar har kuni o‘tkazilishi va tartiblilik tusga ega bo‘lishi kerak. Agar bola faqat darsdan oldin mashg‘ulot qilsa bu juda yomon. Buning samarasi nihoyatda kam. Bola mashg‘ulotni har kuni qilishi kerak. Avvaliga Siz bu to‘g‘risida bolangizga eslatib turing, bundan buyog‘iga uning o‘zi qiladi. Esingizda bo‘lsin, umuman mashg‘ulot qilmagandan ozgina-ozgina mashg‘ulot qilgan afzal.

7. Mashg‘ulot davomiyligi

Bu masalada pedagogning tavsiyalariga amal qilgan yaxshi. Bunda har bir bolaning o‘ziga xos xususiyatlari, yana oldinga qanday maqsadlar qo‘yilgani inobatga olinadi.

8. Kundalikdagi yozuvlar

Bolaning kundaligini doimo kuzatib boring va uni kundalik bilan ishlashga o‘rgating. O‘quvchi uyda darsda o‘tgan mavzularni mustahkamlashi va pedagog kundalikka yozgan vazifalarni bajarishi kerak.

9. Diqqat-e’tiborni jamlash

Pedagoglar buni “kalla bilan ishlash” deyishadi. Bola mashg‘ulotlarni anglab, jiddiy yondashib bajarishi lozim. Bolaning oldida muayyan qiyin bo‘lmagan vazifalar turishi kerak. Yuqorida ta’kidlanganidek, mashg‘ulotlar bir nechta qismlarga bo‘linib bajarilsa samarasi yuqori bo‘ladi, masalan asbobda ijro etgandan so‘ng tanffus qilish (o‘ynash, choy ichish, maktabdagi o‘quv darslarini bajarish), so‘ng yana musiqa mashg‘ulotlariga qaytish - boshqa masala ustidan ishlash. O‘quvchining yonida matnda o‘zi uchun belgi qo‘yish uchun doimo qalam turishi kerak.

10.Motivatsiya

O‘z oilangizda musiqiy muhitni yaratishga harakat qiling. Farzandlari biron-bir cholg‘ularda ijro etadigan do‘stlaringizni toping va iloji bo‘lsa farzandingiz bilan ularning farzandlari mashg‘ulotlar qilayotganlarida ularnikiga kiring. Bu bilan farzandingizga boshqa bolalar ham musiqa bilan shug‘ullanishini ohista bildirasiz. Bolalaringiz bilan tez-tez konsertlarga boring, televizorda beradigan turli musiqiy ko‘rsatuvlarni tomosha qiling. Maktabda tashkil etiladigan konsertlarga albatta boring. Farzandingiz ishtirok etadigan konsertni umuman qoldirmang.

11. Bolaning muvaqqiyatlarida Sizning manfaatingiz

Bolaning muvaqqiyatlarida Sizning manfaatlaringiz borligini unga iloji boricha ko‘proq ko‘rsating. Undan Siz uchun biron-bir asar ijro etib berishni iltimos qiling. Farzandingiz Siz uchun ijro etmoqchi bo‘lgan asarlarni diqqat bilan eshitishga harakat qiling. Farzindingizni maqtashdan charchamang.