«Iloq» etnografik festivali bo‘lib o‘tdi
Кo‘hna Ohangaronning O‘rg‘ozsoy kengliklarida an’anaviy «Iloq» etnofestivali bo‘lib o‘tdi
Iloq — davlatchiligimiz asriy ildizlarining yaqqol ifodasi bo‘lgan qadimiy madaniyat oshiyonidir. U o‘zining boy konlari (oltin, kumush, mis, feruza va h.k.) bilan butun Sharqda mashhur bo‘lgan. Bu hududda milliy hunarmandchilik, bog‘dorchilik keng rivojlanib, Buyuk Ipak Yo‘li madaniyatida alohida o‘rin tutgan. Bu bebaho tarixni xalqimizga, bugunning yoshlariga etkazish maqsadida an’anaviy “Iloq” etnografik festivalining o‘rni va ahamiyati beqiyos.
Festival viloyat hokimligi, viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi, viloyat madaniyat boshqarmasi, Ohangaron tumani hokimligi, O‘zbek milliy qo‘g‘irchoq teatri, “ZOOM-Proyekt” jurnali hamkorligida, Xalqaro “Oltin meros” hayriya jamoat Fondining g‘oyasi bilan oltinchi marta o‘tkazildi.
“Iloq” etnografik festivalida ishtirokchilar qadimgi Iloq davlatining tarixiy urf-odatlari, odamlarning yashash tarzi, madaniyatidan zavq olib, folklor ansambllar, dorbozlarning chiqishlari, teatr ustalarining badiiy mahoratlariga guvoh bo‘ldilar. Kontsert dasturlari, maydon tomoshalari, qolaversa, gastro, etno, sport turizm imkoniyatlaridan bahra oldilar.
Ushbu festivalda 1-sonli bolalar musiqa va san’at maktabining tasviriy san’at yo‘nalishi bo‘yicha ishlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.






